Toshkent viloyati tadbirkorlari uchun elektron tijorat imkoniyatlari

17-09-2026 | 48

Toshkent viloyati tadbirkorlari uchun elektron tijorat imkoniyatlari

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

2026-yil 16-sentabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Toshkent viloyati filiali va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida viloyatda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida “O‘zbekistonda elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirdan asosiy maqsad - tadbirkorlarni zamonaviy elektron tijorat vositalari bilan tanishtirish, mahsulotlarni onlayn savdoga olib chiqish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Toshkent viloyati respublikadagi yirik sanoat hududlaridan biri hisoblanadi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida viloyatda 100 trln so‘mdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Shu davrda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan 25,3 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarishga erishildi. Bu kichik biznesning viloyat sanoatidagi salmog‘i yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Kichik biznesning ichki savdodagi o‘rni ham sezilarli. 2026-yilning birinchi yarmida kichik tadbirkorlik subyektlarining chakana savdo aylanmasi 18,43 trln so‘mni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyatida ishlab chiqarish va savdo salohiyati katta ekanini ko‘rsatishi bilan birga, ushbu salohiyatdan raqamli savdo kanallari orqali yanada samarali foydalanish zaruratini ham ko‘rsatadi.

Seminar davomida tadbirkorlarga:

  • marketpleyslar orqali savdoni tashkil etish;
  • elektron platformalarda sotuvchi - seller sifatida ishlash;
  • mahsulotni onlayn savdoga tayyorlash;
  • mahsulot kartochkasini to‘g‘ri shakllantirish;
  • sifatli foto va tavsif tayyorlash;
  • narx belgilash va raqobat muhitini tahlil qilish;
  • xaridorlar fikr-mulohazalari va reytinglaridan foydalanish;
  • raqamli reklama va ijtimoiy tarmoqlar orqali mijozlarni jalb qilish;
  • sotuv natijalarini tahlil qilish;

 

elektron tijorat orqali yangi hududiy va xorijiy bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy ma’lumotlar berildi.

Seminarda elektron savdo platformasi misolida onlayn savdoni tashkil etishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirning asosiy g‘oyasi - Toshkent viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni zamonaviy raqamli savdo kanallari orqali kengroq iste’molchilarga yetkazish.

Bunda quyidagi zanjirni shakllantirish muhim:

Mahsulot ishlab chiqarish → onlayn platformaga joylashtirish → yangi xaridorni jalb qilish → yangi bozorga chiqish → eksport imkoniyatini kengaytirish.

Ayniqsa, viloyatda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, to‘qimachilik va kiyim-kechak, mebel, qurilish materiallari, maishiy tovarlar, kimyo sanoati mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali sotish imkoniyatlari keng.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Toshkent viloyati filiali tomonidan mazkur seminarni tashkil etilishi filialning tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, zamonaviy bilimlarni amaliyotga joriy etish va hudud iqtisodiyotining real ehtiyojlariga mos amaliy yechimlarni ilgari surish borasidagi vazifalariga mos keladi.