Biznes akseleratorning navbatdagi sessiyasida Wildberries elektron savdo platformasida reklamani maqbullashtirish usullari va tovarlarni xaridorlar orasida tanitish vositalari yoritildi

28-08-2026 | 366

Biznes akseleratorning navbatdagi sessiyasida Wildberries elektron savdo platformasida reklamani maqbullashtirish usullari va tovarlarni xaridorlar orasida tanitish vositalari yoritildi

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

Wildberries kompaniyasi tomonidan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda joriy yil 1–31 avgust kunlari O‘zbekistondagi kichik biznes va korxonalar menejerlari uchun elektron tijorat bo‘yicha Biznes akselerator onlayn formatda davom etmoqda.

Mazkur Biznes akselerator O‘zbekistondagi tadbirkorlar orasidan keng auditoriyani o‘ziga jamlashga muvaffaq bo‘lib, xususan, mazkur tadbirlarda respublikamizning turli hududlaridan ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandlar, savdo kompaniyalari marketpleyslarda onlayn savdo qilish maqsadida ishtirok etmoqda. Navbatdagi Biznes akselerator sessiyalarida 120 nafardan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillari qatnashdi.

Jumladan, 28 avgust kuni o‘tkazilgan akselerator sessiyasida marketpleyslarda sotuvlar va reklama bo‘yicha xalqaro ekspert Yelena Byvalseva “Kartochkalarni maqbullashtirish va reklama bilan ishlash” mavzusida taqdimot qildi. Bunda ekspert tomonidan sotuvchilar tomonidan mahsulot kartochkasini boshqarishning xususiyatlari batafsil tahlil qilib berildi.

Xususan, ekspert tomonidan tovar kartochkalarini maqbullashtirish, hisob-kitoblarni to‘g‘ri tashkil etish, yunit-iqtisodiyotni yuritish, xaridorlarning sotib olish trafigini oshirish usullari, narxlarni to‘g‘ri shakllantirish hamda marketpleyslarda samarali reklamani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar tushuntirildi.

Bunda sotuvchilar tomonidan tovar kartochkalari jozibadorligini oshirish, xaridorlar tomonidan kartochkani ko‘rish soni va konversiya samarasini ko‘paytirish hamda Wildberries marketpleysidagi reklama dastaklaridan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi sessiya davomida Wildberries kompaniyasi hamkori Aleksey Afalov “Marketpleyslarda masshtablashuv va jamoani shakllantirish” mavzusida taqdimot bilan qatnashdi. Ekspert tomonidan O‘zbekistondagi tadbirkorlarga onlayn sotuvlarni tashkil etishda masshtablashuv strategiyasi, jamoani shakllantirish hamda ular ishini samarali tashkil etish masalalari haqida ma’lumot berildi. Biznes akselerator ishtirokchilariga onlayn savdolarni tashkil etishda har bir xodimning kundalik ishini to‘g‘ri va aniq ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha tashkil etish mexanizmlari to‘g‘risida tushuntirildi.