Yangiliklar
Bo‘stonliqda xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar
28-08-2026 | 333
Ko‘plab ishtirokchilar uchun Bo‘stonliq tumaniga tashkil etilgan ushbu safar oddiy dam olish emas, balki yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, o‘z imkoniyatlarini kashf etish hamda hayotida yangi bosqichni boshlash uchun muhim qadam bo‘ldi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan Toshkent viloyatidan 150 nafar hamda Andijon viloyatidan 172 nafar xotin-qizlar sog‘lomlashtirish, ta’lim va psixologik qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan maxsus dasturda ishtirok etdilar.
“Livinston” dam olish maskanida ishtirokchilar uchun amaliy seminar va treninglar tashkil etildi. Dastur davomida xotin-qizlarning moliyaviy mustaqilligini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash, biznes g‘oyalarni shakllantirish, moliyaviy rejalashtirish hamda biznes loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘ladigan bilim va tajribalar bilan tanishdilar.
Dastur doirasida psixologik treninglar ham tashkil etilib, ular xotin-qizlarning liderlik qobiliyatini rivojlantirish, ichki salohiyatini ochish va motivatsiyasini oshirishga qaratildi. Amaliy bilim va ruhiy qo‘llab-quvvatlash uyg‘unligi ishtirokchilarda o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashabbuslar oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida har yili ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan qariyb 50 ming nafar xotin-qizlar Toshkent viloyatidagi sog‘lomlashtirish hududlarida ta’lim va tiklanish kurslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bunday loyihalar xotin-qizlarga nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakat iqtisodiy hayotida faol ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.