Yangiliklar
Elektron tijorat Qo‘qon korxonalari uchun yangi o‘sish dastagi
31-07-2026 | 28
2026-yil 30-iyul kuni Qo‘qon shahrida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, «Wildberries» xalqaro elektron savdo platformasi hamda Qo‘qon shahar hokimligi hamkorligida «Elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash» mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminar davomida elektron tijorat ishlab chiqarish va savdo korxonalari faoliyatini rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Chunki elektron tijorat tadbirkorlik subyektlariga tashqi bozorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish, yangi savdo kanallarini yaratish hamda o‘z mahsulotlarini vositachilarsiz keng xalqaro auditoriyaga taqdim etish imkonini beradi.
Seminarda Qo‘qon shahar hokimligi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda «Wildberries» kompaniyasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda hunarmandlar, kichik va o‘rta biznes subyektlari, savdo korxonalari hamda iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilaridan iborat 60 nafar korxona rahbarlari qatnashishdi.
«Wildberries» kompaniyasi ekspertlari elektron tijoratning rivojlanishi marketpleys menejeri va elektron savdo mutaxassisi kabi yangi kasblar hamda zamonaviy ko‘nikmalarga bo‘lgan talabni shakllantirayotganini ta’kidladilar. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hamda hududning kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qo‘qon shahridagi ishlab chiqarish va savdo korxonalari uchun elektron savdo platformalariga chiqish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mahsulotlar savdo hajmini sezilarli darajada oshirish, millionlab xaridorlardan iborat bozorga kirish, eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish hamda an’anaviy savdo kanallaridan farqli, tashqi bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash imkonini yaratadi.
Tadbirning amaliy qismi doirasida ishtirokchilar «Amaliy Samara» MChJ, «My Seven Technology» MChJ hamda «Avilon Kokand» MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganilib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni elektron savdo platformalariga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi.