O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida innovatsion tadbirkorlik sohasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda

11-09-2026 | 18

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida innovatsion tadbirkorlik  sohasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda

#GraduateSchool #BusinessCooperation #ROTOBO #Export

2026-yil 9–11-sentabr kunlari Yaponiya kompaniyalarining 10 nafar vakilidan iborat Yaponiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi Oʻzbekistonga ish safari bilan tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo uyushmasi (ROTOBO) direktori oʻrinbosari doktor M. Vajima rahbarlik qildi. Tashrifning Oʻzbekiston tomonidan tashkilotchisi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi boʻldi.

ROTOBO Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bozorlarida faoliyat yurituvchi Yaponiya kompaniyalari va tashkilotlarini birlashtiradi. Uyushmaning Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorligi 2024-yildan buyon rivojlanib kelmoqda va innovatsion hamda “yashil” iqtisodiyot, tadbirkorlikni rivojlantirish va biznesning raqamli transformatsiyasi sohalaridagi qoʻshma loyihalarni qamrab oladi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad oʻzbek va yapon tadbirkorlari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, Yaponiyaga eksportga yoʻnaltirilgan oziq-ovqat va toʻqimachilik tarmoqlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, mahalliy korxonalarning raqamli transformatsiyasiga koʻmaklashishdan iborat boʻldi.

Mazkur sanoat yo‘nalishlari respublikamiz ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyati va Yaponiya bozorining mahsulot sifati, yetkazib berish barqarorligi va qadoqlash standartlariga qoʻyadigan talablarini hisobga olgan holda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi. 

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib va yetakchi oziq-ovqat va tekstil korxonalarida uchrashuvlar o‘tkazildi.

10-sentabr kuni yaponiyalik ishbilarmonlar Samarqand viloyatida bo‘lib, yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “PET AGRO OIL” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.

11-sentabr kuni xorijiy delegatsiya a’zolari tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “BEST COLOR TEXTILE” korxonasi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “FRESH FOOD PACK” MCHJga tashrif buyurdilar. 

Delegatsiya a’zolari ushbu korxonalarda ishlab chiqarish bilan tanishdilar va mahsulot sifati, ishlab chiqarish hajmi, eksportga tayyorlik va yapon hamkorlar bilan istiqbolli loyihalar masalalarida muzokaralar olib bordilar.

Tashrif davomida Yaponiya delegatsiyasi bilan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida uchrashuv tashkil etildi va Oliy biznes maktabi faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalari toʻgʻrisida taqdimot o‘tkazildi. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tahlil markazi sifatida faoliyat yuritib, iqtisodiy tadqiqotlar natijalarini tarmoqlar va hududlarning amaliy vazifalarini hal etishga yoʻnaltiradi.

O‘z navbatida yaponiya tomoniga elektron tijorat va startap ekotizimini rivojlantirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarda olib borilayotgan loyihalar  alohida taqdim etildi. Shu bilan birga, startaplarni qoʻllab-quvvatlash va innovatsion biznes modellarini gʻoyani dastlabki ishlab chiqishdan bozorga chiqishgacha joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. 

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida boʻlib oʻtgan yakunlovchi uchrashuvda hamkorlikning keyingi yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Ushbu tashrif Oʻzbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, ikki mamlakat korxonalari oʻrtasida ishlab chiqarish va savdo sohasida barqaror aloqalarni shakllantirishga xizmat qiladi.