2026-yil 25–26-sentabr kunlari Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar universitetida «Iqtisodiy ösiş va inson kapitalini rivojlantiriş uçun ta’limning innovatsion şakllari» mavzusida xalqaro forum bölib ötdi. Forum Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasidagi OFINU loyihasi asosida taşkil etildi. Unda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Özbekiston va Tojikistonning davlat organlari, oliy ta’lim muassasalari hamda biznes vakillari iştirok etdi.
Forumning yalpi majlisi Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining «yaşil iqtisodiyot»ni ilgari suriş va joriy etiş böyiça loyiha ofisi boş mutaxassisi Anton Kostyuçenkoning ma’ruzasi bilan boşlandi. Ma’ruza «Milliy iqtisodiy maqsadlarga erişişda oliy va uzluksiz ta’limning örni va ta’siri. Markaziy Osiyo tajribasi» mavzusiga bağişlandi.

Ma’ruzaçi Özbekiston, Tojikiston va Qozoğistonning butun umr davomida ta’lim oliş sohasidagi siyosatini ta’lim oçiqligining sakkizta mezoni asosida tahlil qildi. Ular qatoriga yoş, ta’lim oliş imkoniyati, joy va vaqt böyiça oçiqlik hamda malakalarni tan oliş kabi mezonlar kiradi.
Alohida e’tibor uşbu mezonlarning beştasini özida birlaştirgan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tajribasiga qaratildi. Davlat sektori vakillarining öqiş davrida iş joyi va örtaça iş haqi saqlab qolinadi. Pre-MBA dasturiga kiriş uçun muayyan yönaliş böyiça ma’lumot yoki iş staji talab etilmaydi. Hududiy öquv kurslaridan boşlab MBA va ikki diplomli dasturlargaça bölgan izçil ta’lim tizimi şakllantirilgan. qasbiy-talim.uz platformasi orqali hududlarda istiqomat qiluvçi qariyb 30 ming nafar fuqaro, jumladan, 9 547 nafar ayol va 7 418 nafar özini özi band qilgan şaxs ta’lim oldi.

«Bu butun umr davomida ta’lim beruvçi universitetning amaliy ifodasidir: katta yoşdagi insonning ta’limga qaytişi uçun barça bosqiçlarni qamrab olgan yaxlit tizim bir joyda jamlangan», - deya ta’kidladi Anton Kostyuçenko.
Ma’ruza yakunida u oçiq ta’lim böyiça milliy konsorsium taşkil etişni taklif qildi. Uning ta’kidlaşiça, bunday konsorsium qisqa muddatli kurslar va mikromalakalar natijalarini diplom beruvçi ta’lim dasturlari doirasida tan oliş va hisobga oliş imkonini yaratadi.




