Namangan tadbirkorlari Wildberries orqali yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

25-08-2026 | 401

Namangan tadbirkorlari Wildberries orqali yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

Joriy yilning 25-avgust kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali tomonidan «O‘zbekistonda elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda viloyatda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan bir qatorda, elektron tijorat yo‘nalishida o‘z biznesini rivojlantirishga qiziqqan aholi vakillari ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga «Wildberries» xalqaro elektron savdo platformasida mahsulotlarni sotish, shaxsiy kabinet ochish, tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mahsulot kartochkalarini shakllantirish, logistika va to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, mahalliy mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali kengroq bozorlarga olib chiqish, onlayn savdoni samarali tashkil etish hamda raqamli marketing imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida tinglovchilar raqamli savodxonlikni oshirish, mahsulot sifati va qadoqlashni xalqaro talablarga moslashtirish, kichik biznes uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish hamda tumanlarda qo‘shimcha amaliy treninglar tashkil etish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi hamda platformadan foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Mazkur davra suhbati ishtirokchilarning elektron tijorat va marketpleyslar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mahalliy mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish hamda zamonaviy biznes yondashuvlarini keng joriy etishga xizmat qildi.