Jizzaxda elektron tijorat orqali mahalliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi

25-08-2026 | 393

Jizzaxda elektron tijorat orqali mahalliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi

#GSBE #GraduateSchool #Ecommerce #Study

2026 yil 25 avgust kuni Jizzax shahrida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Jizzax viloyati hokimligi va Wildberries xalqaro elektron tijorat platformasi hamkorligida mahalliy tadbirkorlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Jizzax viloyatidagi kichik va o‘rta biznes vakillari, faoliyatini endigina yo‘lga qo‘ygan hamda mahsulotini onlayn savdo orqali sotishni rejalashtirayotgan 150 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari ishtirok etishdi.

Seminarda Oliy biznes maktabi mas’ul xodimlari elektron tijoratning global iqtisodiyotda rivojlanish tendensiyalari, elektron platformalar orqali kichik biznes uchun tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari hamda hududlarda onlayn savdo orqali mahalliy mahsulotlarni eksport qilish borasida mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Elektron tijoratni rivojlantirishning Jizzax viloyati uchun ahamiyatini ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlar orqali tahlil qilinsa, jumladan, 2026 yanvar-mart oylarida viloyat bo‘yicha chakana tovar aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 131,5 foizga, yalpi hududiy mahsulot esa 107,7 foizga o‘sgan. Bu viloyatda iste’mol bozori tobora kengayib borayotganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, hozirgi kunda Jizzax viloyatida 16 mingdan ortiq kichik biznes subyektlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, 2,3 mingga yaqin kichik ishlab chiqarish korxonalari, 1,0 ming nafardan ortiq turli hunarmandchilik yo‘nalishidagi tadbirkorlar hamda 90 dan ortiq mahalliy eksportchilar viloyatning faol tadbirkorlar qatlamini tashkil etadi. Shu o‘rinda viloyatdagi Baxmal, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Paxtakor, Zomin va Arnasoy tumanlari qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan. Jizzax shahar va Zafarobod tumanida esa sanoat tarmoqlari tez rivojlanib bormoqda.

Shuni qayd etish lozimki, tumanlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymat ulushini oshirib, chetga sotish dolzarb masalalardan sanaladi. Shu o‘rinda joylarda mahsulotlar ko‘pincha xom ashyo sifatida sotilmoqda. Ularni o‘z brendi bilan tayyor mahsulot holida elektron tijorat platformalari orqali sotish esa qo‘shilgan qiymatni aynan hududlar iqtisodiy salohiyatini oshirish va hududda elektron tijorat ekotizimini shakllantirishga ko‘mak beradi.

Zanjirning oxirgi bo‘g‘inini egallash esa mahsulotning o‘z nomi va brendi bo‘lishini talab qiladi. Nomsiz mahsulot bozorda faqat narx bo‘yicha raqobat qila oladi, bunday raqobat esa har doim foyda ulushining qisqarishi bilan tugaydi.

Seminarda Jizzax viloyatining sanoat, hunarmandchilik, iste’mol tovarlari va qayta ishlash yo‘nalishidagi tadbirkorlar uchun brend kartasi, mahsulot kontenti, xaridor sharhlari va reyting tadbirkorning raqamli aktivi ekani, aynan shu aktivlar takroriy xaridni va barqaror sotuv oqimini shakllantirishi tushuntirildi.

Xaridor mahsulotni o‘z vaqtida, but holatda olmasa, eng yaxshi kartochka ham natija bermaydi. Shu bois ishtirokchilarga Wildberries ekspertlari tomonidan tadbirda zahirani rejalashtirish, qadoqlash talablari, mahsulot yetkazish talablari, buyurtmani bajarishni samarali tashkil qilish tartiblari batafsil ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga seminarning amaliy qismida tadbirkorlar uchun elektron do‘kon ochish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, hisob-kitob va soliq masalalari, mahsulot kartochkasini tayyorlash, ichki reklama vositalari, shuningdek sotuvni tahlil qilish asosida assortimentni boshqarish ko‘nikmalari haqida ma’lumot berib o‘tildi.

Seminarda Wildberries mutaxassislari elektron savdo platformada mahalliy mahsulotlar savdosini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar tajribasini aniq misollar orqali ishtirokchilarga yetkazib berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar savollariga javob berildi va ular bilan elektron savdo platformasida bevosita savdoni tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilishi belgilandi.