Buxoroda elektron tijorat va Wildberries: Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi

Buxoroda elektron tijorat va Wildberries: Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi #GSBE #GraduateSchool #Bukhara #Ecommerce #Study

O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish doirasida 2026 yil 25-fevral kuni Buxoro shahrida tadbirkorlik subyektlari uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda xalqaro marketplace “Wildberries” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarning asosiy maqsadi Buxoro viloyatidagi tadbirkorlar, hunarmandlar va ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini mahalliy va xalqaro bozorlarga Wildberries platformasi orqali olib chiqish ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga elektron tijorat platformasida biznes yuritish va uning huquqiy asoslari, mahsulotlarni Wildberries omborlariga yetkazib berish va sotuv jarayonini tashkil etish bo‘yicha amaliy taqdimot o‘tkazildi. Shu bilan birga, marketplaceda tovar kartochkalarini to‘g‘ri tashkil etish, raqamli marketing ahamiyati va undan samarali foydalanish bo‘yicha ham tushunchalar berildi.

Buxoro o‘zining qadimiy hunarmandchilik maktabi, to‘qimachilik va ipak mahsulotlari bilan mashhur. Buxoro mahsulotlariga xalqaro bozorda, ayniqsa MDH davlatlarida talab yuqori. Seminar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish va ularning keng miqyosdagi xaridorlar auditoriyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Ishtirokchilar seminar davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Ko‘plab tadbirkorlar tadbirda platformada ro‘yxatdan o‘tish va dastlabki mahsulotlarni joylashtirish bo‘yicha maslahatlar olishdi.