BIZNES VA TADBIRKORLIK OLIY MAKTABI HAQIDA
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi – zamonaviy bilimlar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro tajriba asosida malakali kadrlar tayyorlaydigan yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. Oliy biznes maktabi dastlab 2001-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-aprel PQ-108-son qaroriga asosan Oliy biznes maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabr 904-son qarorida Oliy biznes maktabining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, maqsadi va vazifalari belgilab berilgan.
Oliy biznes maktabi iqtisodiy islohotlar va zamonaviy boshqaruv mexanizmini yo‘lga qo‘yishda ilmiy yondashuvlar hamda yangi fikrlashni joriy etishga yo‘naltirilgan.
Missiya va qadriyatlar (values)
Oliy biznes maktabining missiyasi – zamonaviy bilimlar, innovatsion yondashuv va xalqaro tajribaga asoslangan holda, raqamli transformatsiya va yashil iqtisodiyot sharoitida samarali ishlay oladigan yetakchi mutaxassislarni tayyorlashdir. Oliy biznes maktabi o‘z faoliyati davomida iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan, yangicha fikrlaydigan, mas’uliyatli va tashabbuskor yetakchilarni shakllantirishga intiladi.
Oliy biznes maktabi ta’lim sifatini ta’minlash, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ochiqlik va jamiyat bilan samarali muloqot kabi qadriyatlarga sodiq.
Oliy biznes maktabining magistratura va MBA dasturlari – bu shunchaki ta’lim emas, balki tinglovchilarda o‘z sohasi bo‘yicha yetakchiga aylanish yo‘li! Global biznes tendensiyalariga mos ravishda ishlab chiqilgan ushbu dasturlar amaliy bilim va real bozor talablarini birlashtiradi.
Ta’lim dasturlari (Degree Programs)
MBA – Global menejment
MBA – Moliya
MBA – Kichik biznes va tadbirkorlik
MBA – Raqamli iqtisodiyot
MBA – Agrobiznes
PM – Loyiha boshqaruvi
Ikki diplom dasturlari
MBA – IT Business
MBA – Korporativ boshqaruv va strategik rivojlanish
PhD va DSc dasturlari
Oliy biznes maktabi ilmiy-tadqiqot va innovatsion taraqqiyot markazi sifatida yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratgan holada oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik asosida ilmiy izlanish olib borish imkoniyatini yaratadi.
Ilmiy faoliyat quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha olib boriladi:
08.00.15 – Kichik biznes va tadbirkorlik iqtisodiyoti
Ushbu yo‘nalish tadbirkorlikning zamonaviy tamoyillari, kichik biznesni rivojlantirish strategiyalari, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik ekotizimining barqarorligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni qamrab oladi.
08.00.16 – Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya
Raqamli transformatsiya jarayonlari, innovatsion texnologiyalar, xalqaro raqamli tizimlar va ularning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Ushbu yo‘nalish biznes muhitida raqamli ekotizimlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Tadqiqot (Research)
Oliy biznes maktabi ilmiy izlanishlar va tahlillar asosida iqtisodiy va biznes jarayonlarini takomillashtirish yo‘nalishida faoliyat yuritadi Oliy biznes maktabi ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish orqali korporativ boshqaruv, transformatsiya jarayonlari, yashil iqtisodiyot va tadbirkorlik rivojiga ta’sir ko‘rsatadigan innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.
Ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari
Transformatsiya jarayonlari va korporativ boshqaruv – menejment tizimlarini baholash, diagnostika qilish va samarali boshqaruv tamoyillarini ishlab chiqish.
Yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish – ekologik texnologiyalarni joriy etish, barqaror biznes modellarini shakllantirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish.
Tadbirkorlik ekotizimi va startap loyihalar – yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni shakllantirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish.
Hududiy rivojlanish va iqtisodiy tahlil – mintaqaviy iqtisodiy salohiyatni aniqlash, hududlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Xalqaro hamkorlik va ekspertiza – xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, xalqaro tajribalarni joriy etish.
Ilmiy tadqiqot faoliyatining vazifalari
Tahlil va tadqiqotlar orqali davlat va biznes sektorlarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash.
Biznes va tadbirkorlik, korporativ boshqaruv, “yashil” va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarini rivojlantirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlarini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash.
Tadbirkorlik va biznes jarayonlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash.
Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Ilmiy anjumanlar, konferensiyalar va ekspert muhokamalarini tashkil etish.
Oliy biznes maktabining ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi ilm-fan, innovatsiyalar va iqtisodiy islohotlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, ilmiy yondashuv orqali amaliy natijalarga erishish tamoyiliga asoslanadi.
Ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida Oliy biznes maktabida quyidagi muhim ilmiy markaz va ofislarni tashkil etgan:
Ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish ofisi – tadqiqot loyihalarini samarali boshqarish, ilmiy grantlarni jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish orqali ilmiy-tadqiqot jarayonlarini muvofiqlashtirish, innovatsion izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va ilg‘or ilmiy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish orqali akademik rivojlanishga hissa qo‘shadi.
"Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish" loyiha ofisi – ekologik barqarorlik va yashil iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish, innovatsion biznes yechimlarini shakllantirish hamda "yashil" texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini mustahkamlash bo‘yicha faoliyat olib boradi. Shuningdek, ofis ilmiy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, kadrlar malakasini oshirish hamda ushbu sohada yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali yashil iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shadi.
Biznes-inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi – innovatsion biznes va startap g‘oyalarni loyiha darajasiga yetkazish va ularning muvaffaqiyatli rivojlanishini ta’minlash maqsadida konsalting va mentorlik xizmatlarini taqdim etadi. Markaz biznes ekotizimini shakllantirish, menejment, marketing, buxgalteriya, huquqiy masalalar va boshqa yo‘nalishlarda mutaxassislarning ekspert yordamini ko‘rsatib, startaplarning barqaror o‘sishi va bozorda raqobatbardosh bo‘lishiga ko‘maklashadi.
Professional va uzluksiz ta’lim (Executive Programs)
Oliy biznes maktabi zamonaviy boshqaruv ilmlari bo‘yicha innovatsion ta’lim dasturlarini taqdim etadi. Bizning o‘quv kurslarimiz va malaka oshirish dasturlarimiz xalqaro tajriba, ilmiy izlanishlar va amaliyot asosida shakllantirilgan bo‘lib, ishtirokchilarning kasbiy rivojlanishi va shaxsiy o‘sishini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Bu dasturlar ishbilarmonlar, davlat sektori vakillari va korporativ yetakchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning kasbiy kompetensiyalarini oshirish, strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va real iqtisodiy muhitda samarali ishlashiga yordam beradi.
Oliy biznes maktabi 30 dan ortiq zamonaviy o‘quv va malaka oshirish dasturlarini taklif etadi. Kurslar dolzarb tadqiqotlar, innovatsion metodologiyalar va zamonaviy biznes amaliyotlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ishtirokchilarga raqamli transformatsiya, yashil iqtisodiyot va tadbirkorlik ekotizimi kabi muhim yo‘nalishlarda chuqur bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.