Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Malayziya va Koreya ekspertlari, vazirliklar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakili so‘zga chiqib, O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlar sohasini rivojlantirish istiqbollari, ilmiy-amaliy tadqiqotlarning ahamiyati hamda xorijiy tajribani o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar kadrlar tayyorlash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va ishlab chiqarishda mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildilar. Malayziya va Koreya ekspertlari o‘z mamlakatlari tajribasi, mavjud muammolar va ularni yechish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika instituti, hamda boshqa tashkilotlarning tashabbuslari taqdim etildi.
Yakunida ishtirokchilar ilmiy ishlanmalar asosida yarimo‘tkazgich mahsulotlari ishlab chiqarish, komponentlarni mahalliylashtirish, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.